Vologda viloyatiga yetib kelgan tashrif guruhimizni VDSXAning xalqaro hamkorlik markazi boshlig‘i Plyasovskaya Mariya Dmitrievna kutib oldi. Temir yo‘l vokzalidan VDSXA tinglovchilari yotoqxonasigacha kuzatish jarayonida Mariya Dmitrievna Vologda shahri markazi va VDSXA joylashgan Sutchilar qishlog‘i haqida batafsil so‘zlab berdi.
2025-yil 15-iyul kuni tashrif guruhi tanishuvni VDSXAning “Sut va sut mahsulotlari” kafedrasi mudirasi Burmagina Tatyana Yuryevna boshchiligida akademiyaning asosiy bilim manbai bo‘lgan “Sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish”ga ixtisoslashgan o‘quv-amaliyot markazidan boshladi. Guruh a’zolari ushbu markazdagi amaliyotdan uzilmagan holda nazariy bilimlar bilan uyg‘unlashtirilgan, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan o‘quv sinflarini ko‘zdan kechirishdi.
Akademiyada o‘qitilayotgan nazariy fanlarga mo‘ljallangan sinflarni ko‘zdan kechirish davomida tashrif guruhi sutni qayta ishlashga oid uskuna va qurilmalarning kesim holatidagi namunalari bilan yaqindan tanishdi va nazariya bilan amaliyot uyg‘unligiga amin bo‘lishdi. Tashrif so‘nggida kafedra mudirasi Tatyana Yuryevna guruhni ta’lim yo‘nalishiga oid hujjatlar, o‘quv rejalar va mavzu rejalari bilan tanishtirib o‘tdi.